“Yuventus” va Argentina terma jamoasi yarim himoyachisi Anxel Di Mariya “PSJ” hujumchisi Lionel Messi 2026-yilgi jahon chempionatida ishtirok etishi kerak, deb hisoblaydi.
“Men endi navbatdagi jahon chempionatini orzu qilmayman. Men keyingi Amerika kubogiga ishonaman, u yerda bo‘lish uchun bor kuchimni ishga solaman. Lekin, Messi keyingi jahon chempionatida ishtirok etishi kerak. Bu Messi. U yetti marta “Oltin to‘p”ni, Chempionlar ligasini qo‘lga kiritgan, “Barselona” bilan hamma sovrinni yutgan. U tarixdagi eng yaxshi futbolchi. Amerika Kubogiga chiqish uchun Yevropada o‘ynashda davom etish juda muhim, aks holda Skaloni sizni olib ketmaydi”, — dedi Di Mariya.
Eslatib o‘tamiz, Di Mariya Argentina terma jamoasi tarkibida Messi bilan birga 2022-yilgi jahon chempionatida g‘olib chiqqan edi. Turnirning final uchrashuvida jamoa Fransiya terma jamoasini penaltilar seriyasida mag‘lub etdi.


