O‘zbekistonda STG-3 rusumidagi ballonlar bilan jihozlangan “JV MAN Auto-Uzbekistan” MCHJ qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan 300 dan ortiq avtobusda 2018 yildan beri texnik sinovdan o‘tkazilmagan holda yo‘lovchi tashilmoqda.
Bu esa minglab balki millionlab fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga real xavf tug‘dirmoqda. Mamlakatning turli hududlarida avtobus va boshqa transport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlarining portlashi bilan bog‘liq sodir bo‘layotgan holatlar bunga yaqqol misoldir.
Avtobuslarda inson salomatligi va hayoti bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda yuqorida qayd etilgan avtobuslarga o‘rnatilgan STG-3 rusumli gaz ballonlarini ham texnik sinovdan o‘tkazish lozimligini inobatga olib, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbitdin Burxonov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ramatovga senator so‘rovini yubordi.
Senator so‘rovida Vazirlar Mahkamasining yuqori texnologiyali sinov laboratoriyasini tashkil etish va STG-3 (LNG-3) rusumidagi gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha vazifaning ijrosi nima uchun taʼminlanmagani hamda mazkur laboratoriyalarni tashkil qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan tushuntirish berish so‘ralgan.


