Dunyoga mashhur Nike kompaniyasi yugurish va yurishni yengillashtirishga mo‘ljallangan ilk “quvvatlangan krossovka tizimi” — Project Amplifyni namoyish etdi.
Yangi modelda yengil motor, uzatma kamari va qayta zaryadlanadigan batareya mavjud bo‘lib, ular birgalikda harakatni yengillashtirish funksiyasini bajaradi. Poyabzal uglerod tolasidan yasalgan plita bilan mustahkamlangan va tizim bilan birga yoki alohida holda ham ishlatilishi mumkin.
Nike‘ning taʼkidlashicha, mazkur model odatda bir mil masofani 12 daqiqada bosib o‘tadigan yuguruvchilarga harakat samaradorligini oshirishga yordam berishi mumkin. Ilk test natijalariga ko‘ra, Project Amplify yugurish tezligini taxminan 15–20 foizga oshiradi.
Kompaniya hozircha mahsulotning aniq narxi va sotuvga chiqish sanasini ochiqlamagan. Nike bu tizimni “tadqiqot va sinov bosqichida” ekanini qayd etib, uni kelgusi yillarda ommaviy ishlab chiqarishni rejalashtirgan.


