Ozarbayjon va Armaniston chegarasida navbatdagi qurolli to‘qnashuv yuz berdi, 5 kishi jarohat oldi. Tomonlar bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda va chegaradagi vaziyatni ataylab qiyinlashtirganlikda ayblayapti.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, 10 may kuni kechqurun Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmasi Basargechar tumanining Zod qishlog‘i yo‘nalishidan Ozarbayjon armiyasiga qarata o‘t ochgan.
«Qarshi tomonning nishonga olib o‘q otishi natijasida Ozarbayjon armiyasining harbiy xizmatchi Maxmudlu Muslim Vidadi oglu boshidan og‘ir jarohat oldi», — deyiladi xabarda.
Xabar qilinishicha, yarador harbiy xizmatchi shoshilinch ravishda harbiy tibbiyot muassasasiga yetkazilgan. Kelbadjar harbiy prokuraturasi Ozarbayjon Qurolli kuchlari askarining yaralangani bo‘yicha jinoiy ish ochdi.
Ozarbayjon tomonining xabariga ko‘ra, Armaniston qurolli kuchlari Ozarbayjonga yirik kalibrli qurol va minomyotlardan o‘q uzgan.
Armaniston Mudofaa vazirligi esa «11 may soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjon armiyasining Sotk (Zod) yo‘nalishida joylashgan arman qalʼalariga zambarak va minomyotlardan o‘q otildi», — deb ishontirmoqda.
Soat 07:00 dagi maʼlumotlarga ko‘ra, Armanistondan to‘rt kishi yaralangan. Armaniston Mudofaa vazirligining soat 07.50 da bergan maʼlumotlariga ko‘ra, chegarada otishmalar davom etyapti.
Aytilishicha, Ozarbayjon qurolli kuchlari “Bayraktar” uchish apparatlaridan foydalangan.
Armaniston tomonining soat 10:25dagi maʼlumotlariga ko‘ra, mudofaa idorasi 4 kishi yaralanganini maʼlum qildi.
«Yarador bo‘lgan ikki nafar harbiy xizmatchining ahvoli yaxshi, ikki nafarining ahvoli o‘rtacha og‘ir. Hozirda jabrlangan xodimlarning hayotiga hech qanday xavf yo‘q», — deyiladi xabarda.
Endilikda Armaniston Mudofaa vazirligi Armaniston-Ozarbayjon chegarasida keskinlik pasaygani haqida xabar berdi. Ozarbayjon tomoni xabariga ko‘ra, Armaniston qurolli kuchlari chegaraga qo‘shimcha kuchlar, shaxsiy tarkib va texnika olib kelyapti.
Bungacha 11 aprelda ikki davlat o‘rtasida shiddatli jang bo‘lib, ikki tomondan 7 nafar harbiy halok bo‘lgan edi. Tomonlar bir-birini provokatsiya qilishda aybladi.


