Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning 11-avgustdagi farmoyishiga muvofiq, Ukrainaga elektr jihozlaridan iborat navbatdagi insonparvarlik yordami jo‘natildi. Yuk Sumgait texnoparki hududidan Ozarbayjon Energetika vazirligi tomonidan jo‘natilgan.
Yordamning birinchi partiyasi 10 ta yuk avtomobilidan iborat bo‘lib, Ukrainada urush oqibatida zarar ko‘rgan hududlarda barqaror elektr ta’minotini tiklash maqsadida 90 ming metrga yaqin elektr kabellari va simlari, 25 ta generator hamda 7 ta transformator to‘plamini o‘z ichiga oladi.
Yuk Ukraina tomonining so‘rovlariga asosan tayyorlangan bo‘lib, umumiy qiymati 2 million AQSh dollarini tashkil etadi. Keyingi partiyani jo‘natish yaqin kunlarda rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon ilgari ham Ukrainaga elektr ta’minoti va qayta qurish ishlari uchun insonparvarlik yordami yuborgan bo‘lib, bugungi kunga kelib bu yordamning umumiy miqdori 44 million AQSh dollaridan oshgan.


