Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasida mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda erishilgan muhim yutuqlar, shakllangan yangi barqaror vazifalar hamda ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy hayotdagi o‘zgarishlar uzoq muddatli rivojlanish hujjatini yangilashni taqozo etmoqda. Shu bois, yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyot yo‘nalishlari ixtisoslashgan mutaxassislar jamoasi tomonidan qayta ishlab chiqiladi.
Prezident parlament a’zolarini ham ushbu jarayonda faol ishtirok etib, o‘z taklif va tashabbuslarini bildirishga chaqirdi.
Murojaatnomada ma’naviyat sohasini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolishi qayd etildi. Kelgusi yillarda ijtimoiy-ma’naviy hayotdagi kichik tashabbus va loyihalarni keng ko‘lamli tizimli faoliyatga aylantirish maqsad qilingan.
Shuningdek, davlat rahbari O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini yurt tarixidagi muhim sana sifatida munosib nishonlash, bu borada keng qamrovli tayyorgarlik ishlarini olib borish zarurligini ta’kidladi. Sohibqiron Amir Temur va buyuk mutafakkir Alisher Navoiyga bag‘ishlangan qutlug‘ sanalarga tayyorgarlikni kuchaytirish ham muhim vazifalardan biri etib belgilandi.


