Oʻzbekiston hududida soxta va sifat kafolati bo‘lmagan dorilarni sotgan shaxslar aniqlanib, qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 4-aprel kuni mamlakatdagi ro‘yxatdan o‘tgan va sertifikatga ega biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqaruvchi korxona xodimi huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ariza bilan murojaat qilib, mahsulotlarini soxtalashtirib sotayotgan shaxslar haqida xabar bergan.
Surishtiruv natijalariga ko‘ra, firibgarlar Instagram, Facebook, Telegram va YouTube platformalarida “Arzon internet magazin”, “Onlayn shifo UZ”, “Shov-shuv onlayn shop”, “Uyda davolanish” kabi kanallar orqali qalbaki dorilarni reklama qilib, sotgan.
Aniqlanishicha, 1995-yilda Navoiy viloyati Xatirchi tumanida tug‘ilgan shaxs Toshkent shahridagi Uchtepa markazida Call-markaz tashkil qilgan va 1975-yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi bilan birgalikda soxta mahsulotlarni respublika bo‘ylab tarqatgan.
Hozirgi kunda uch nafar gumonlanuvchi qamoqqa olingan, yana bir shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.


