FIFA tomonidan e’lon qilingan 2026-yilgi Jahon chempionati taqvimi O‘zbekiston milliy terma jamoasining guruh bosqichidagi uchrashuvlarini rasman tasdiqladi. Unga ko‘ra, milliy jamoa o‘zining ilk o‘yinini 18-iyun kuni Toshkent vaqti bilan 08:00 da Meksikaning poytaxti Mexiko shahrida Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.
Guruhdagi ikkinchi bahs 23-iyun kuni soat 23:00 da AQShning Xyuston shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi kuchli raqiblardan biri — Portugaliya bilan to‘qnash keladi.
Guruh bosqichidagi yakuniy uchrashuv 28-iyun kuni soat 05:30 da AQShning Atlanta shahrida o‘tkaziladi. Ushbu o‘yinda O‘zbekiston termasiga raqib sifatida Yangi Kaledoniya, Yamayka va Kongo Demokratik Respublikasi o‘rtasidagi qit’alararo pley-off g‘olibi qarshi chiqadi.
2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Bu yili musobaqada ilk bor 48 jamoa ishtirok etadi.


