So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova jazoni o‘tashdan ozod etilgani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Telegram kanallarida ushbu da’volar bir nechta “tasdiqlangan” manbalarga asoslanib bildirilgan.
Biroq Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov bergan bayonotida bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil mart oyida Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova jinoiy guruh tashkil etish, firibgarlik, o‘zlashtirish, jinoyat yo‘li bilan topilgan daromadlarni legallashtirish kabi bir qator moddalar bo‘yicha aybdor deb topilgan va 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Belgilangan jazoni o‘tash muddati 2015-yil 21-avgustdan hisoblangan.


