Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi arafasida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan suhbat tashkil etildi. Davlat rahbari Ozarbayjon va O‘zbekistonni o‘zaro tarixiy ildizlar, madaniy yaqinlik va do‘stlik rishtalari bog‘lab turishini qayd etdi.
Prezident Aliyev so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini, davlat rahbarlarining do‘stona uchrashuvlari va qo‘shma loyihalari tufayli hamkorlik ittifoqchilik darajasiga yetganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston va Ozarbayjon iqtisodiyot, energetika, transport hamda madaniyat sohalarida samarali hamkorlik olib bormoqda.
Shuningdek, Ilhom Aliyev O‘zbekistonning Qorabog‘ni tiklashdagi amaliy yordamini va qardoshlik ramzi bo‘lgan tashabbuslarini yuqori baholadi. U ikki mamlakat munosabatlari nafaqat ikki tomonlama, balki xalqaro miqyosda ham tobora mustahkamlanayotganini aytib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni “yaqin do‘st va ishonchli ittifoqchi” deb atadi.


