O‘zbekiston madaniyatining yorqin vakili, xalq artisti, teatr va kino arbobi Yoqub Ahmedov 87 yoshida vafot etdi. U O‘zbekiston Respublikasi Teatr Arboblari uyushmasi raisi, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktori va rejissyori, "Do‘stlik" ordeni sohibi sifatida tanilgan.
Yoqub Ahmedov 1938-yil 3-yanvarda Namangan shahrida tug‘ilgan. A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomchilik san'ati institutini tamomlagan. 1958-yildan boshlab Hamza nomidagi O‘zbek davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatrida aktyor, keyinchalik teatr direktori lavozimlarida faoliyat olib borgan.
U ellikdan ortiq spektakllarda asosiy rollarni mahorat bilan talqin etgan, teatr san'atining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan. Shuningdek, u ko‘plab filmlarda suratga tushgan va dublyaj ustasi sifatida ham tanilgan.
Ustoz san'atkorning vafoti O‘zbekiston madaniyat dunyosi uchun og‘ir yo‘qotish hisoblanadi.
Zamon.uz jamoasi marhumning oilasi, qarindoshlari, hamkasblari va muxlislariga chuqur hamdardlik bildiradi.


