2026-yil 1-sentabrdan boshlab O‘zbekistonda “Shajara” nomli yangi axborot tizimi ishga tushiriladi. Tizim fuqarolarga o‘z oilasining nasl-nasabi haqidagi ma’lumotlarni onlayn tarzda olish imkonini beradi.
Platforma orqali tug‘ilish, nikoh va o‘lim haqidagi ma’lumotlarga kirish, shuningdek, genetik ma’lumotlar asosida uzoq qarindoshlarni aniqlash mumkin bo‘ladi.
Prezident farmoniga muvofiq, Shajara tizimi quyidagi funksiyalarni o‘z ichiga oladi:
- FHDYo Yagona elektron arxivida hamda davlat va idoraviy arxivlarda saqlanayotgan birlamchi ma’lumotlar asosida shajaralar yaratish;
- H.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining DNK xizmatidan foydalangan holda milliy kelib chiqishni aniqlash;
- Oila nasabnomasi xizmatini davlat xizmatlari markazlari va my.gov.uz portali orqali taqdim etish.
Ma’lumotlar uchta tarixiy davr uchun taqdim etiladi:
1. 9-asrdan 1917-yilgacha;
2. 1918-yildan 1945-yilgacha;
3. 1946-yildan hozirgi kungacha.
Shajara dasturi raqamli shajara platformasini yaratish bo‘yicha birinchi milliy loyiha hisoblanadi va fuqarolarga o‘z oilalari tarixi haqidagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.


