O‘zbekistonda 2025-yil davomida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari oqibatida 2 188 nafar fuqaro halok bo‘ldi, 8 901 kishi esa turli darajadagi tan jarohatlari oldi.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi matbuot xizmatining maʼlumotiga ko‘ra, o‘tgan yil davomida respublika hududida jami 9 226 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Taqqoslash uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 9 364 tani tashkil etgan.
Qayd etilishicha, 2025-yilda YTH oqibatida halok bo‘lganlar soni 2024 yilga nisbatan 11 nafarga kamaygan. O‘sha yili respublika yo‘llarida 2 199 kishi hayotdan ko‘z yumgan edi. Shuningdek, jarohatlanganlar soni ham kamayib, 2024-yildagi 8 931 kishidan 8 901 kishiga tushgan.
Tahlillar so‘nggi besh yil (2021–2025) davomida yo‘l-transport hodisalari soni izchil kamayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu holat aholi va transport vositalari soni sezilarli darajada oshganiga qaramay kuzatilmoqda. Xususan, aholi soni 2021-yildagi 35,2 milliondan 2025 yilda 38,2 millionga, transport vositalari soni esa 3,8 milliondan 5,5 milliondan oshgan.
Shu bilan birga, YTH oqibatida halok bo‘lganlar soni har 100 ming aholiga nisbatan 6,9 nafardan 5,7 nafargacha, har 10 ming transport vositasiga nisbatan esa 6,3 nafardan 4 nafargacha kamaygan.
Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari soni 2024-yilga nisbatan 171 taga yoki 9,6 foizga kamaygan. Bolalar o‘limi holatlari esa 36 taga, yaʼni 12,8 foizga qisqargan.


