O‘zbekistonda davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlariga tegishli xizmat avtomobillari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi va ortiqchalari sotuvga chiqariladi. Bu prezidentning 27-dekabrdan kuchga kirgan “Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, Hisob palatasi va Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda uch oy muddatda barcha davlat organlaridagi xizmat avtomobillarini xatlovdan o‘tkazadi. Natijalarga asosan, belgilangan limitdan ortiq bo‘lgan transport vositalari amaldagi tartibda sotiladi va bajarilgan ishlar haqida 2026-yil 1-iyunga qadar Prezident administratsiyasiga axborot taqdim etiladi.
Shuningdek, davlat buyurtmachilari tomonidan avtomobil xaridlari ustidan doimiy nazorat o‘rnatiladi. Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xaridlarida narxlar bozor qiymatidan 20 foizdan oshmasligi lozimligini ta’kidlab, xizmat transportidan foydalanishni qisqartirish va mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillarga o‘tish zarurligini bildirgan edi. Shu asosda, xorijiy xizmat mashinalaridan bosqichma-bosqich voz kechilib, mavjud avtomobillar “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali sotuvga chiqarilmoqda.


