Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Prezident matbuot xizmati ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda yashil hududlarni ko‘paytirish va havo sifatini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, vakolatlarning tarqoqligi sababli natijalar kutilgan darajaga yetmayapti.
Yig‘ilishda atmosferani tozalash, daraxtlarni asrash, yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha loyihalarni markazlashgan tartibda boshqarish taklif etildi. Shuningdek, ekologik nazoratni kuchaytirish, qoidabuzarliklarga tezkor javob berish va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Prezident sohadagi vakolatlarni qayta ko‘rib chiqish, mas’ul idoralar javobgarligini oshirish hamda tartibga solish tizimini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Unga ko‘ra, sanoat korxonalarida ekologik talablarga rioya etishni kuchaytirish va joylarda yashil zonalarni saqlash alohida nazoratga olinadi.
Ma’lumot o‘rnida, 2024-yil va 2025-yilning birinchi yarmida ekologiyaga oid 220 ta jinoyat ishi ko‘rilgan bo‘lib, ularning aksariyati noqonuniy daraxt kesish, o‘rmon va hayvonot dunyosiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lgan. Jinoyatlarning eng katta qismi Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Sirdaryo va Surxondaryoda qayd etilgan.


