24-noyabr kuni soat 19:00 dan keyin O‘zbekistonning bir nechta hududlarida atmosferani muhofaza qilish va aholi salomatligini himoya qilish maqsadida keng ko‘lamli ekologik nazorat reydlari o‘tkazildi. Tadbirlar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi — Ekopolitsiya tashabbusi bilan boshlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Nazorat ishlari Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlarida, shuningdek, Toshkent shahrida tuzilgan to‘rt tezkor guruh tomonidan olib borildi. Jarayonga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Ichki ishlar organlari xodimlari ham jalb etilib, ularning harakati o‘zaro muvofiqlashtirildi.
Reyd davomida jami 103 ta korxona va iqtisodiy obyekt tekshirildi. Natijalarga ko‘ra, atmosfera havosini muhofaza qilishga oid talablarni buzish bilan bog‘liq 38 ta holat aniqlanib, mas’ullarga 34,8 million so‘mlik ma’muriy jarimalar qo‘llandi.
Atrof-muhitga katta zarar yetkazgani aniqlangan 18 ta obyektning faoliyati esa 10 kunga vaqtincha to‘xtatildi. Ekologik nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.


