Maʼlum bo‘lishicha, jamoatchilik ko‘pincha korrupsiyani poraxo‘rlik va qarindosh-urug‘chilik deb tushunadi.
50 foizdan ortiq respondentga ko‘ra, korrupsiya bu mansabni suiisteʼmol qilish va qarindosh-urug‘chilik, 40 foizdan kamrog‘i uchun esa qimmatbaho sovg‘alar berish hisoblanadi.
Tadqiqot xulosasiga yozilishicha, aksariyat kishilar sovg‘a berishni korrupsiya emas, balki minnatdorchilik deb biladi. Ko‘pchilik pora olish (88,4 foiz) va pora berishni (68,4 foiz) qoralasa-da, yaxshi xizmat uchun kichik sovg‘alar almashishni odatiydek qabul qiladi.
Respondentlarning 74 foizi korrupsiya holatlari haqida xabar berishga, jumladan, 82,2 foizi elektron platforma yoki mobil ilova orqali xabar berishga tayyor. 12 foiz respondent esa korrupsiya haqida xabar berishni salbiy holat deb biladi.
Xabar bermaslikning asosiy sabablaridan biri bu xabar beruvchining o‘zi korrupsiyadan manfaatdorligi (19,8 foiz) bo‘lsa, yana boshqa sababi bu haqida kimga murojaat qilishni bilmaslikdir (20,4 foiz).
So‘rovda qatnashganlarning yarmi xabar berish oqibatlaridan qo‘rqadi. 13,8 foizi esa minnatdorchilik belgisi sifatida o‘zi xohlab pul berishini taʼkidlagan.
Respondentlar “Suyunchi”, “to‘yona”, “rahmat” kabilar ham faqatgina minnatdorlik, hurmat va qo‘llab-quvvatlash uchun ixtiyoriy tarzda amalga oshirilishini taʼkidlashgan.
Maʼlumot uchun, mazkur tadqiqot Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Koreya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi, BMT Seul siyosat markazi va Yevropa Ittifoqi hamkorligida o‘tkazilgan.


