Joriy yilda kuz fasli yomg‘irsiz o‘tayotgani, kelgusi kunlarda ham yog‘ingarchilik kutilmayotgani sababli O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar tashabbusi bilan 2025 yil 28 noyabr kuni juma namozidan keyin barcha masjidlarda yomg‘ir so‘rab, jamoat bilan ikki rakat istisqo namozi o‘qiladi.
Shuningdek, viloyatlar, tuman-shaharlar markaziy masjidlari va ziyoratgohlarda jonliqlar so‘yilib, yordamga muhtoj oilalar, yetim-yesirlar, beva-bechoralar, miskinlar, boquvchisini yo‘qotgan keksalarga tarqatiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Oliy va o‘rta maxsus islom taʼlim muassasalari ustoz va talabalari tomonidan Imom Buxoriy “Sahihi Buxoriy” asari shu yil 28 noyabr kuni juma namoziga qadar xatmi kutub qilinadi.
Makkai mukarrama va Madinai munavvarada umra ziyoratida bo‘lib turgan ellikboshi imom-domlalar Harami shariflarda o‘z guruhlari ishtirokida istisqo namozini o‘qishlari tavsiya etilgan.


