16 noyabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekistonga amaliy tashrifi davomida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi. U O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga iliq qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, qardosh yurtga doim alohida tuyg‘ular bilan tashrif buyurishini aytdi. Shuningdek, Samarkandda YUNESKO Bosh assambleyasining 43-sessiyasini muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Japarovning ta’kidlashicha, bugungi kunda Markaziy Osiyo oldida yangi imkoniyatlar ochilmoqda va mintaqada o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlash har qachongidan muhim. U tashqi siyosat idoralari o‘rtasida yaqin maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yish, “Markaziy Osiyo +” formatlari doirasida yagona pozitsiya bilan chiqish tashabbusini ilgari surdi. Iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo va investitsiyalar hajmini oshirish o‘zaro taraqqiyotning asosiy omili ekani qayd etildi.
Transport yo‘laklarini kengaytirish, turizm oqimini oshirish va madaniy aloqalarni mustahkamlash ham mintaqaviy integratsiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida tilga olindi. Japarov Qirg‘iziston kelasi yilda oltinchi Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlariga mezbonlik qilishini eslatib, qo‘shni davlatlarni ushbu yirik xalqaro tadbirga taklif qildi. U yakunda O‘zbekistonning samarali raisligini yuqori baholab, barcha kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.


