1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Axmedov 82 yoshida vafot etdi

U 1992–1997-yillarda O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri bo‘lgan.

O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Axmedov 82 yoshida vafot etdi

82 yoshida fidoyi harbiy, O‘zbekiston Respublikasining birinchi mudofaa vaziri general-polkovnik Rustam Urmanovich Axmedov vafot etdi.

 

Rustam Urmanovich o‘zining 40 yildan ortiq umrini Qurolli Kuchlarga bag‘ishlab, mustaqil O‘zbekiston milliy armiyasining shakllanishi va mustahkamlanishida beqiyos xizmat ko‘rsatgan. U mamlakat xavfsizligi va xalq osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida fidoyilik, matonat va yuksak mas’uliyat bilan xizmat qilgan.

 

1943-yil 10-noyabrda Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida tug‘ilgan Rustam Urmanovich 1965-yilda Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini, 1985-yilda esa Zirhli tank qo‘shinlari harbiy akademiyasini tamomlagan.

 

U harbiy faoliyatining turli bosqichlarida mas’ul lavozimlarda xizmat o‘tab, 1992–1997-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritdi. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ushbu lavozimni birinchi bo‘lib egallagan general-polkovnik Axmedov milliy armiyaning asosiy tuzilmasini shakllantirishda muhim rol o‘ynadi.

 

Shuningdek, u 1997–1998-yillarda Favqulodda vaziyatlar vaziri, 2018–2020-yillarda esa Mudofaa vazirining maslahatchisi lavozimlarida ham samarali faoliyat olib bordi.

 

Ko‘p yillik xizmatlari uchun Rustam Urmanovich O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i, II darajali “Shon-sharaf” ordeni va “Do‘stlik” ordeni kabi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.

 

General-polkovnik Axmedovning fidoyiligi, professionalligi, Vatanga sadoqati va insoniy fazilatlari harbiylar hamda yosh avlod uchun ibratdir. Uning xotirasi xalqimiz qalbida abadiy saqlanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Rustam Urmanovichning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiradi.

 

Vidolashuv marosimi 13-oktyabr kuni soat 11:30 da Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Orol 3-tor ko‘chasi, 13-uyda bo‘lib o‘tadi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика