O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari 2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra 61,23 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlarda qayd etildi. Faqat noyabr oyining o‘zida zaxiralar 1,9 mlrd dollarga yoki 3,2 foizga oshgan, yil boshidan beri esa o‘sish 20 mlrd dollarni (+48,7%) tashkil qilgan.
Zaxiralardagi sezilarli o‘sish, avvalo, xalqaro bozorlarida oltin narxi va uning fizik hajmining ortishi bilan bog‘liq. Shuningdek, Markaziy bank portfelidagi qimmatli qog‘ozlar qiymati ham keskin ko‘tarilgan — noyabrda ular 503 mln dollarga oshib, 1,52 mlrd dollarga yetgan.
Spot nashrining aniqlik kiritishicha, regulyator ushbu o‘sish doirasida AQSh G‘aznachiligi obligatsiyalarini xarid qilgan.


