1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Prezident futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga tabrik yo‘lladi

"Ishonchim komilki, sizlar bu yutuqdan yanada ruhlanib, final bellashuvida “Osiyo chempioni” degan sharafli nom uchun munosib kurash olib borasiz", — deyiladi tabrik matnida.

Prezident futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga tabrik yo‘lladi

"Shu kunlarda Qatar davlatida futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etib, biryo‘la final yo‘llanmasi hamda shu yil yozda Parijda o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

 

Jonajon O‘zbekistonimizning futbol tarixida birinchi marta erishilgan bunday yorqin g‘alabani, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi barcha sport muxlislari, ko‘pmillatli butun xalqimiz cheksiz quvonch va g‘urur bilan kutib oldi. Zero, bu el-yurtimizning necha yillik buyuk orzusi edi.

 

Bu orzuni amalga oshirish aynan sizlarga – Yangi O‘zbekistonning navqiron farzandlariga nasib etgani bilan har qancha faxrlansangiz, arziydi.

 

Albatta, sizlar erishgan bu tarixiy g‘alaba zamirida keyingi yillarda mamlakatimizda sport sohasini, jumladan, futbolni rivojlantirishga berilayotgan ulkan eʼtibor va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli amaliy ishlar mujassam, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

 

Shu bilan birga, sizdek azmu shijoatli yoshlarimizning tajribali murabbiy va mutaxassislar rahbarligida mazkur musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rib, har bir o‘yinda chinakam mahorat, jasorat va matonat namunasini ko‘rsatganingiz albatta yuksak tahsinga munosibdir.

 

Osiyo qitʼasidagi eng kuchli jamoalar bilan qizg‘in kurashlar ostida bo‘lib o‘tgan 5 ta o‘yinda ham jamoamiz darvozasini daxlsiz saqlab, raqiblar darvozasiga 14 ta javobsiz to‘p kiritganingiz ham futbolimiz tarixida misli ko‘rilmagan natijadir.

 

Ishonchim komilki, sizlar bu yutuqdan yana-da ruhlanib, final bellashuvida “Osiyo chempioni” degan sharafli nom uchun munosib kurash olib borasiz.

 

Fursatdan foydalanib, barchangizga, sizlarning mehribon ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringizga ham chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.

 

Butun O‘zbekiston xalqi sizlarga hamisha baxt va omadlar, porloq g‘alabalar tilaydi, aziz bolalarim!", — deyiladi tabrikda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика