Davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, “Yashil makon” loyihasi, shuningdek investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari ijrosi batafsil ko‘rib chiqildi.
Joriy yil 875 ming gektar maydonga paxta ekilib, 3,7 mln tonna hosil uchun shartnomalar tuzilgan. Hozirgi kunda terim jarayonlari davom etmoqda. Sirdaryo, Samarqand va Navoiy viloyatlarida orqada qolish kuzatilayotgan bo‘lsa-da, Farg‘ona, Andijon, Xorazm va Surxondaryoda yaxshi natijalar qayd etilmoqda. Prezident qisqa muddatda hududlarda shtablar tuzib, hosilni sifatli yig‘ib olish choralarini ko‘rishni topshirdi.
Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari tanqidiy muhokama qilindi. Respublika bo‘yicha ayrim ta’lim muassasalari va ko‘p qavatli uylarning ta’miri yakunlanmagani, ba’zi hududlarda qozonxona va kommunikatsiya tarmoqlarining mavsumga tayyor emasligi qayd etildi. Mutasaddilarga ikki hafta ichida barcha nuqsonlarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda “Yashil makon” dasturi ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Bahorda ekilgan 137 mln ko‘chatning 27,5 mln tasi nobud bo‘lgani tanqid qilinib, bundan buyon daraxt ekish ishlarini kuzda kengaytirish zarurligi belgilandi. Shu maqsadda kuzgi mavsumda 125 mln, kelgusi bahorda esa qo‘shimcha 75 mln tup ko‘chat ekilishi rejalashtirilmoqda.
Investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham alohida topshiriqlar berildi. Joriy yilning 9 oyida mamlakatga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 33,5 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda. Eksport esa 23 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 31 foiz o‘sgan. Shu bilan birga, ayrim hududlarda eksport hajmining pasayishi qayd etilib, yil yakuniga qadar qo‘shimcha 7,3 mlrd dollarlik eksportni ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilish yakunida barcha yo‘nalishlarda belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarish bo‘yicha mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berdi.


