Prezident Shavkat Mirziyoyev pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni ma’lum qildi. 2026-yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, pedagoglarning farzandlari davlat oliygohlariga o‘qishga kirganda kontrakt to‘loviga 30 foizlik chegirma qo‘llanadi.
O‘qituvchilar zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanishi uchun 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit asosida kompyuter xarid qilish imkoniyati yaratiladi. Kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovlari ikki barobar kamaytiriladi. Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat tizimi yo‘lga qo‘yilib, sertifikat olganlarga oylik maoshiga 15 foiz ustama belgilanadi.
Ta’lim sohasida malaka oshirish ham rag‘batlantirilmoqda. Bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan tamomlab, maktabda faoliyat boshlaganlarga avtomatik tarzda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi. Shu bilan birga, dunyoning top-300 talik oliygohlariga qabul qilingan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi.
Pedagoglarning ijtimoiy hayotini yanada yengillashtirish maqsadida transport imtiyozlari ham taqdim etiladi. Reytingda yuqori o‘rinlarni egallagan maktab, bog‘cha, texnikum va oliygoh o‘qituvchilari yiliga bir marta mamlakat bo‘ylab sayohat qilishi uchun samolyot va poyezd chiptalariga 15–20 foizlik chegirmalardan foydalanadi.


