Surxondaryo viloyatida Davlat kadastrlari palatasi Jarqurg‘on tumani filiali xodimi pora olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIBB Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘linmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqarolardan biri ariza bilan murojaat qilganidan so‘ng, prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda kadastr xodimi O‘.B. fuqaro B.R. bilan til biriktirib, Jarqurg‘on tumanidagi “Ismoiltepa” mahallasidan davlat zaxirasida bo‘lgan 40 sotix yer maydonini 200 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan.
Shuningdek, ular 4 mln so‘m evaziga yerga tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Kadastr xodimi 204 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


