Hurmatli quruvchilar, muhandis va mutaxassislar, soha faxriylari!
Sizlarni kasb bayramingiz bilan samimiy muborakbod etaman. Sizlarning fidokorona mehnatingiz tufayli Yangi O‘zbekistonning zamonaviy, obod va ko‘rkam qiyofasi shakllanmoqda, xalqimiz turmushi yanada farovon bo‘lib bormoqda.
So‘nggi yillarda qurilish sohasi mamlakat iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biriga aylandi. Qurilish ishlari hajmi 2016-yildagi 30 trillion so‘mdan 2024-yilda qariyb 234 trillion so‘mga yetdi. 2024-yilda 40,5 mln kv. metr, joriy yilda esa 45 mln kv. metrdan ortiq bino va inshootlar foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
O‘tgan yili 2 044 ta ko‘p qavatli uy barpo etilib, 100 mingdan ortiq xonadon foydalanishga topshirildi. 2025-yilda “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 135 ming xonadon tayyor bo‘ladi, 2030-yilgacha esa bu ko‘rsatkich 250 ming xonadonga yetkaziladi. “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida esa 20 ming gektar maydonda 2 mln aholi uchun qulay infratuzilma barpo etilmoqda.
Qurilish sohasida 30 dan ortiq axborot tizimi joriy qilindi, “Shaffof qurilish” milliy tizimi orqali ortiqcha hujjatbozlik bartaraf etildi, tender jarayonlari ochiq va raqobatbardosh muhitda o‘tkazilmoqda. “Eskrou” tizimi esa ulushdor fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.
Hurmatli do‘stlar!
Qurilish — kelajak avlodga qoldiradigan buyuk merosimizdir. Har bir bino va inshoot, har bir ko‘cha va shahar ko‘rinishida sizlarning qo‘l izingiz bor. Yangi O‘zbekistonning zamonaviy shaharlari, qulay turar joy massivlari va betakror inshootlari sizning mahoratingiz va fidoyiligingiz bilan bunyod etiladi.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy farovonlik va yangi zafarlar tilayman!


