Toshkent shahrida avtobus haydovchisi yo‘lovchi bolani eshik bilan urib yuborgani va uning ota-onasi bilan janjallashgani aniqlangach, “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan ichki tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruv yakuniga ko‘ra, haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, u bekatda to‘xtaganida yo‘lovchi chiqib ketayotgan paytda eshikni yopib yuborgan. “Qilgan ishimdan afsusdaman. Bunday holat takrorlanmaydi. Yo‘lovchilardan uzr so‘rayman”, — dedi u.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, qoidalarga binoan, haydovchi oxirgi yo‘lovchi avtobusdan to‘liq tushmaguncha transport vositasi bekatda qolishi shart.
Yo‘lovchiga qo‘pol munosabatda bo‘lgani va korxona ichki tartib-qoidalarini buzgani uchun haydovchi ishdan bo‘shatildi. Shuningdek, bunday holatlarning oldini olish maqsadida boshqa haydovchilar uchun qo‘shimcha treninglar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


