Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida ayolga uning shaxsiy videolarini tarqatish bilan qo‘rqitib, pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Tezkor tadbir davomida 1986-yilda Muzrabot tumanida tug‘ilgan erkak, Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bo‘lgan, 1985-yilda Dushanbeda tug‘ilgan ayolning intim videolarini qo‘lga kiritib, ularni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan tahdid qilgani aniqlandi.
U ayoldan 1 000 AQSh dollari talab qilgan va ushbu pullarning bir qismini — 900 dollar hamda 1 mln 250 ming so‘mni jabrlanuvchining dugonasidan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan Termiz shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Mazkur modda bo‘yicha uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.


