1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining yangi binosini borib koʻrdi

2026-yilda Yangi Toshkentda 100 million dollarlik yer osti avtoturargohi foydalanishga topshiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining yangi binosini borib koʻrdi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududida olib borilayotgan bunyodkorlik va infratuzilma loyihalari bilan tanishdi.

 

Davlat rahbari dastlab yer osti avtoturargohi va piyodalar o‘tish yo‘lagi qurilishi jarayonini ko‘zdan kechirdi. Umumiy qurilish maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘lgan, qiymati 100 million AQSh dollarini tashkil etuvchi ushbu avtoturargohning birinchi bosqichida 200 ta yengil avtomobil, shuningdek, 30 ta mototsikl va skuterni joylashtirish imkoniyati yaratiladi. Piyodalar uchun qulay va xavfsiz harakatlanishni ta’minlash maqsadida to‘rt yo‘nalishli o‘tish yo‘lagi barpo etiladi.

 

Mazkur majmuada avtomatlashtirilgan parkovka tizimlari, velosiped ijarasi nuqtalari, shuningdek, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Avtoturargohni 2026-yilda foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.

 

Prezidentimiz zamonaviy avtoturargohlar sonini ko‘paytirish, ularni aholi uchun maksimal darajada qulay qilish, shuningdek, kelgusida elektromobillar ulushi oshishini inobatga olib, ularni quvvatlash infratuzilmasini izchil rivojlantirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.

 

Shuningdek, Yangi Toshkent hududida vazirlik va idoralar faoliyatini tashkil etish uchun ma’muriy binolar qurilishi olib borilmoqda. Xususan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi uchun modul turdagi yangi bino foydalanishga topshirilgan.

 

1,4 gektar yer maydonida joylashgan, umumiy maydoni 5751 kvadrat metr bo‘lgan mazkur majmua 5 ta bir qavatli, yengil metall konstruksiyali, bazalt qoplamali sendvich panellardan barpo etildi. Ushbu bino vazirlikning markaziy apparati va tizim tashkilotlarini bir joyda jamlab, o‘zaro hamkorlik hamda ish jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Energiya tejamkor qurilish materiallari, mustaqil oqova tizimi, markazlashgan isitish, sovitish va shamollatish tizimlari bino ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytiradi, shuningdek, kelgusida kengaytirish yoki demontaj qilish imkonini beradi.

 

Ayni paytda mazkur binoda 550 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Bu yerda, shuningdek, vazirlik huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi ham joylashgan.

 

Davlatimiz rahbariga markaz tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi asosida ishlab chiqilgan platformalar taqdim etildi. Jumladan, Davlat shaharsozlik kadastri geografik axborot tizimi orqali shahar va tumanlarning ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlari yagona raqamli bazaga jamlangan. Geoportal orqali aholi punktlarining 3D formatdagi raqamli egizaklari yaratilgan, rekonstruksiya va renovatsiya zonalari belgilangan hamda hududlarni kompleks tahlil qilish imkoniyati yaratilgan.

 

Bosh rejalarni ishlab chiqish, jamoatchilik muhokamasi va qurilishga ruxsat berish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan. Bugungi kunga qadar 20 ta shahar, 22 ta shaharcha va 843 ta aholi punktining raqamli bosh rejalari ishlab chiqilib, geoportalga joylashtirilgan.

 

Shuningdek, “Reyting”, “Tender”, “Qurilish sohasida davlat xizmatlari”, “Loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi”, “Qurilishda davlat nazorati”, “Mening uyim”, “Mening hududim” va issiqlik ta’minoti billing tizimi kabi platformalar faoliyat yuritmoqda.

 

Tizimni yanada takomillashtirish va shaffoflikni kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.

 

Shuningdek, Prezident yosh mutaxassislar bilan suhbatlashib, zamonaviy bilimlar va axborot texnologiyalarini chuqur egallashning ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика