Hindistonga davlat tashrifi chog‘ida Rossiya prezidenti Vladimir Putin mahalliy jurnalist savoliga javob berar ekan, G‘arb bosimi ostida Dehlining rossiyalik neft xaridlarini kamaytirgani haqidagi iddaolarni rad etdi. Prezidentning aytishicha, ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda.
Putin o‘z fikrini aniq misollar bilan izohlab, AQSH hamon Rossiyadan yadro elektr stansiyalari uchun yadro yoqilg‘isi xarid qilishda davom etayotganini ta’kidladi. “Agar AQSH bizning yoqilg‘imizni sotib olish huquqiga ega bo‘lsa, Hindistonga ham shu imtiyoz nega berilmasin”, – dedi u.
Rossiya rahbarining qayd etishicha, energetika sohasidagi hamkorlik ikki davlat manfaatlariga mos keladi va siyosiy bosimlar bu jarayonga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmaydi. Unga ko‘ra, neft va yoqilg‘i bo‘yicha sheriklik hali ham barqaror.
Putinning ushbu bayonoti AQSH va Hindiston o‘rtasida Rossiya nefti bo‘yicha kuchayib borayotgan siyosiy taranglik fonida e’lon qilindi. Tahlilchilarga ko‘ra, Moskva va Dehli o‘zaro manfaatlar sabab energetik hamkorlikni yaqin yillarda ham saqlab qolishi kutilmoqda.


