Rossiya prezidenti Vladimir Putin ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Hindistonga keldi. Dehlida uni bosh vazir Narendra Modi kutib oldi. Putin oxirgi bor Hindistonga 2021-yilning dekabr oyida tashrif buyurgan edi. Tashrif ayni paytda AQSh va Hindiston o‘rtasida siyosiy bosim oshgan davrga to‘g‘ri keldi.
Putin delegatsiyasi tarkibida mudofaa vaziri Andrey Belousov ham bor. Mahalliy nashrlar u hindistonlik hamkasbi bilan uzoq yillardan buyon muzlab qolgan qiruvchi samolyotlar bo‘yicha hamkorlikni muhokama qilishi mumkinligini xabar qilmoqda. Shuningdek, ba’zi manbalar Hindistonning Rossiyaning yangi avlod S-500 havo mudofaasi tizimiga qiziqish bildirganini ta’kidlagan.
Rossiya ko‘p yillar davomida Hindiston qurolli kuchlarining asosiy qurol-yarog‘ yetkazib beruvchisi bo‘lib kelgan, biroq Dehli oxirgi yillarda ta’minot manbalarini kengaytirib, o‘z mudofaa sanoatini rivojlantirmoqda. Shu bilan birga, 2022-yildan buyon Hindiston Rossiya neftining eng yirik xaridorlariga aylandi va bu Dehliga milliardlab dollar tejash imkonini berdi.
Ammo AQSh prezidenti Donald Tramp Hindistonning arzon rus neftiga tayanishi Ukraynadagi urushni moliyalashtirayotganini aytib, Dehliga bosimni kuchaytirdi. Shunga qaramay, ekspertlar Hindiston-Rossiya aloqalari to‘liq uzilmasligini, ehtimol ayrim savdo va energetik bitimlarda qisqarish bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. 2024–2025-yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 68,7 milliard dollarga yetgan bo‘lib, bu pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichdan deyarli olti baravar yuqori.


