“Chig‘atoy” qabristoni. Hashamatli devor. Temir panjarali eshik. Ohista ichkariladim. Xuddi rassom qog‘ozga muhrlangandek, qalin archali yo‘lak bo‘ylab odimladim. Zinadan tushaverishdagi o‘rindiqqa cho‘kkalab, o‘tganlar haqiga duo qildim.
Atrofga cho‘kkan sukunatdan daraxtlardan uzilayotgan barglarning “chirt” etgan ovozini baralla eshitish mumkin. Marmar bilan bezatilgan hashamatli qabrlarga daraxtlar orasidan tushayotgan quyoshning zarrin nurlari xuddi ularga ko‘kdan nur yog‘dirayotgandek. Qabriston oraladim...
Haybatli qabr toshlari. Ularga qaragan sari kishini allaqanday his-tuyg‘ular cho‘lg‘ab oladi. Unsiz salobat bosadi. Bir dam bu dunyo ishlarini unutgandek bo‘ladi. Do‘ppayib qolgan yangi qabrlar ustiga o‘rnatilgan qabr toshlarga ko‘zim tushdi. Besh kunlik dunyo deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Odamzot kelib ketaveradi. Yoshmi-qarimi, amaldormi, boshqami barcha oyoq ostiga — mana shu qora tuproqqa ko‘miladi.
Hashamatli qabriston...
Inson mehr-oqibat quli.. U uzoq ko‘rishmagan odamlarini sog‘inib, qo‘msab yashaydi. Bu sog‘inchning taftini bosish uchun ularni yo‘qlab turadi. U dunyodan o‘tib ketgan ota-onalari, ustozlari, yaqinlari, qarindosh-urug‘larini ham sog‘inadi. Shuning uchun ularni ziyorat qilish joiz amallardan hisoblanadi. Diniy kitoblarimizda qabr yerdan bir qarich miqdorida ko‘tarilib, bir tekisda bo‘lishi aytilgan. Chunki bu tekislik qabrda shoh ham, gado ham birdek ekanligiga ishoradir.
Biroq keyingi paytlarda qabr ustiga turli hashamatli toshlar o‘rnatish, naqshlar bilan bezash, manzarali va mevali daraxtlar ekish urfga aylandi. Biz bu bilan qabristonni “obod” qilyapmizmi? Yoki hashamatli qabr toshlar, haykallar o‘rnatib, ziyoratchilarga, qabriston ahliga kimligimizni, kimning avlodi ekanimizni isbotlamoqchi bo‘lyapmizmi? Boyligimizni shu yo‘l bilan ko‘z-ko‘z etyapmizmi? Ayting, bundan kimga nima naf? Mangu ketgan odamga bu kabi “mehr”ning nima keragi bor? Aslida, yaqinlarimiz qabrini mana shunday dabdabali qilib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymayapmizmi? Chunki bu pulni behuda isrof qilish sanaladiku, axir. Qolaversa, qimmatbaho va noyob daraxt hamda o‘simliklar insonlar hordiq chiqaradigan oromgoh va xiyobonlarga yarashadi. Qabristonlarni oromgoh va saylgohlardek holatga keltirib qo‘yish kerak emas. Aks holda, ziyoratga kelgan insonlarni ko‘zlangan maqsadidan chalg‘itib qo‘yadi. (Xuddi men Chig‘atoy qabristoniga borib, asl maqsadim yodimdan ko‘tarilib, go‘yoki, haykallar galareyasiga tushib qolganimdek.)
Asl maqsad nima?
Qachonlardir shahar va qishloqlardagi devori paxsa, tomi loysuvoq uylar bir xil bo‘lgan zamonlarda qabristonlar ham, undagi qabrlar ham shahar va qishloqlarda bir xil bo‘lgan. Ammo zamon taraqqiy etgani, shahar va qishloqlardagi sharoit va ko‘rinish farqi oshgan sari qabristonlarning hamda ulardagi qabrlarning ham ko‘rinishlarida farqlar oshib boraverdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadisi shariflarida shunday marhamat qildilar: «Mo‘min odamning qabriga shamolning esmog‘i va yomg‘irning yog‘mog‘i gunohiga kafforatdir».
Rasululloh (s.a.v.)ning emikdosh birodarlari Usmon ibn Mazʼun vafot etdi. Usmon dafn etilgach, Payg‘ambar alayhissalom uning qabriga suv sepishni buyurdilar. Tuproq uyumi cho‘kkach, ustiga tosh qo‘ydilar va qarindoshimning qabrini shu toshdan topib olaman, oilamda kim qazo qilsa, shu yerga qo‘ydiraman, dedilar. Qabrlarga tosh qo‘yishdan maqsad shu edi, aslida.
Illatlar ortingizdan quvmasin!
Qabr ichi va tashqarisini qimmatbaho narsalar bilan bezash joiz emasligi din ulamolari tomonidan ko‘p bora taʼkidlangan. Hatto lahad og‘zini pishgan g‘isht bilan yopish ham maʼqul emas. Shuning uchun odatda xom g‘isht ishlatiladi. Sababi, pishgan g‘ishtga mayyitdan ko‘ra tiriklar muhtojdir. Baʼzilar qabrlarni bezatish uchun mablag‘ini behuda sovuradi. Xuddi marmar qo‘ydirgani bilan marhumlar mamnun bo‘lib qoladigandek. Aslida, Qurʼon tilovati va boshqa ezgu amallar savobi mayyit uchun kifoya. Qabr ustidagi har qanday zebu ziynatlarning marhumga sariq chaqalik foydasi yo‘q. Bularni ko‘rib, shuhratparastlik, maqtanchoqlik, xudbinlik, laganbardorlik, taʼma kabi odamni o‘zligidan ayiradigan illatlarning qabristonlargacha kirib borganidan uyalib ketasan, kishi. Go‘yo, insonning bu dunyodagi so‘nggi manzilida ham shon-shuhrat, lavozim, takabburlik va ehtirom bir zum unutilmagandek. Uni oxiratga ham olib ketmoqchi bo‘lganu, qora tuproq to‘xtatib qolgandek. Kimligini, odamlarga qilgan yaxshilik, xayrli ishlarini ko‘z-ko‘z qilib, «men o‘sha» deb taʼna qilayotgandek. Xo‘sh, buni qanday tushunmoq kerak? Qanday anglab yetmoq kerak?
Qabristonlar, avvalo, ular joylashgan hududga masʼul bo‘lgan mutasaddilar tomonidan muhofaza qilinishi kerak. Yaʼni, qabriston hududini panjara yoki devor bilan o‘rash, unga kirish uchun alohida yo‘lak ochish va darvoza o‘rnatish, chorva yoki yovvoyi hayvonlarni kirishidan saqlash, ziyoratga kelganlar qabrlarni bosmay o‘tishlari uchun qulay yo‘lkalar o‘tkazish, tilovat va duo qilish uchun maxsus o‘rindiqlar o‘rnatish, nojoiz, hurofiy amallarni qilishlaridan qaytarib turish va hokazolar qabriston masʼullarining vazifasi sanaladi.
Ana shunday xayollar og‘ushida qabristonni kezib chiqaman. Ro‘parada taqur-tuqur qilib ustalar ishlayapti. Qurilish materiallarini ko‘rib, kunlar isib qoldi, qabristonda obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Yo‘q-yo‘q, adashibman. Qurilish materiallari kimlarningdir qabrini hashamatli qilib qo‘yish uchun keltirilgan ekan. Ustalar ham hashamatli qabrtosh o‘rnatish bilan ovora...
Bahriniso Madumarova


