Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida miltiq ko‘targan erkak do‘konga kirib, sotuvchi ayolni jarohatlagani aks etgan video tarqaldi. Videoda erkakning qo‘lida miltiq bilan do‘konga kirib, baqir-chaqir qilgani, so‘ngra sotuvchiga zarba bergani aks etgan.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 22-oktyabr kuni “Ko‘ksaroy” mahallasida yashovchi 33 yoshli R.Q. o‘zining shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i, 35 yoshli N.Sh. bilan janjal sababli do‘konga kelgan va unga tahdid qilib, tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi tergovga jalb qilingan, uning TOZ-34 rusumli ov quroli musodara qilingan va ovchilik guvohnomasi bekor qilingan.
Sud-tibbiy ekspertiza natijasiga ko‘ra, jabrlanuvchi ayol yengil tan jarohati olgan.
Hozirda holat Toshkent viloyati IIBB tomonidan to‘liq nazoratga olingan, Ohangaron tumani IIB tergov harakatlarini olib bormoqda.


