Qashqadaryo viloyatida xonadon va obyektlarga quyosh panellari o‘rnatishni rag‘batlantirish davom etmoqda. Ma’lum qilinishicha, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida viloyat aholisi va tadbirkorlarga 11 milliard 800 million so‘mdan ziyod subsidiya ajratilgan. Ushbu mablag‘ quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan va elektr tarmoqlariga uzatilgan energiya uchun to‘lab berilgan.
Umuman olganda, shu davrda O‘zbekiston bo‘yicha 35 mingdan ortiq jismoniy shaxs 153,6 milliard so‘m hajmda subsidiya olgan. Eng katta ulush Xorazm viloyati (42,6 mlrd so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (22,4 mlrd so‘m) va Buxoro viloyatiga (15,3 mlrd so‘m) to‘g‘ri kelgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 1 apreldan boshlab uyiga quyosh paneli o‘rnatgan fuqarolar ishlab chiqargan va yagona elektr tarmog‘iga uzatgan har bir kilovatt-soat energiya uchun 1000 so‘mdan subsidiya olish huquqiga ega. Bu tartib energiya tejamkor yechimlarni ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, subsidiya dasturi uy xo‘jaliklarining xarajatlarini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish va energiya ta’minotida barqarorlikni ta’minlashga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Aholining ushbu texnologiyalarga qiziqishi ham yildan-yilga ortmoqda.


