Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga oid holatlarning eng ko‘pi Qarshi shahri va Qarshi tumanida kuzatilgan. Bu haqda Kadastr agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Zamon.uz‘ga maʼlum qildi.
Xabarda aytilishicha, Qashqadaryo viloyatida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va ushbu yer uchastkalarida noqonuniy imorat qurilishiga oid 2 717 ta holatda 401.0 gektar yer maydonida qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.
Kadastr agentligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tuman-shahar bo‘limlari tomonidan yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallagan shaxslarga 2 717 ta yozma ko‘rsatmalar yuborilgan.
Viloyatda yer qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida yer qonunbuzilish holatlarining 1 296 tasi 305.28 gektaridagi holatlar fuqarolar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonida noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish to‘g‘risida 1 227 (81.79 gektar) daʼvo arizalari kiritilib, shundan 781 tasi qanoatlantirilgan. 445 ta daʼvo arizalari hozirgi kunda ko‘rib chiqish jarayonida.
Shahar, tumanlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p noqonuniy egallab olish holatlari Qarshi shahrida 421 ta holatda 7.20 gektar, Qarshi tumanida 289 ta holatda 64.35 gektar, Kitob tumanida 283 ta holatda 25,41 gektar, Yakkabog‘ tumanida 236 ta holatda 17,51 gektarni tashkil qiladi.
Maʼlumot uchun, Qonunchilikka ko‘ra, yerlarni noqonuniy egallab olish maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.


