
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, tadbirda fuqaro R.E. boshqa bir fuqaro Sh.ga o‘zini Davlat test markazida ishlovchi shaxs sifatida tanishtirib, unga “Ali” ismli tanishi orqali o‘qishga kira olmagan abituriyentlarning ballarini kirish ballariga tenglashtirib, jami 29 nafar abituriyentni o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 83 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Taʼkidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Surxondaryoda talabalarni 5,4 mln so‘mga chuv tushirib ketgan shaxs hamda Andijon va Xorazm viloyatlarida abituriyentlarni o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan institut hisobchisi va talaba qo‘lga olingandi. Shuningdek, Buxoroda tibbiyot kollejiga 400 dollar evaziga o‘qishga kiritishni vaʼda qilgan shaxs ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.


