Qozogʻistonda chigirtkalarga qarshi kurashish uchun ilk bor agrodronlar qoʻllanilishi rejalashtirilmoqda. Bu zamonaviy texnologiya birinchi boʻlib Gʻarbiy Qozogʻiston viloyatida sinovdan oʻtkaziladi.
Mutasaddilarning aytishicha, dronlar yordamida 300 ming gektardan ortiq qishloq xoʻjaligi yerlariga maxsus himoya vositalari bilan ishlov beriladi. Bu usul anʼanaviy texnikalarga qaraganda tezkorroq va aniqroq hisoblanadi.
Yirik maydonlarni qamrab olish imkoniyati va xavfsizlik darajasi yuqori boʻlgan agrodronlar, chigirtka kabi zararkunandalarning tarqalishini cheklashda muhim vosita boʻlishi kutilmoqda. Mutaxassislar bu tajriba muvaffaqiyatli oʻtsa, boshqa viloyatlarda ham joriy etilishi mumkinligini bildirishgan.


