Qozog‘iston 2026-yildan boshlab kriptovalyutalarning erkin muomalasiga ruxsat beradi. Prezident Qosim-Jomart Tokayev tomonidan imzolangan “Sun’iy intellekt va raqamlashtirish masalalari bo‘yicha ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, mamlakatda raqamli aktivlar bilan bog‘liq faoliyat sezilarli darajada liberallashtiriladi.
Ilgari ta’minlanmagan raqamli aktivlar bilan operatsiyalarni faqat Ostona xalqaro moliya markazi (AIFC) hududida amalga oshirish mumkin edi. Yangi normalar ushbu cheklovni bekor qiladi va Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga butun mamlakat bo‘ylab kriptovalyuta savdosi, xizmatlari va operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, qonun kriptovalyuta qazib olish (mayning) faoliyatini qonuniy asosda mustahkamladi. Endilikda maynerlar o‘zlari qazib olgan raqamli aktivlarni AIFC maydonlarida majburiy sotish shartidan ozod etiladi. Litsenziyaga ega kripto birjalar esa Qozog‘istonning istalgan hududida faoliyat boshlashi mumkin bo‘ladi.
Hujjat shuningdek shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash tartibini yangilab, ulardan foydalanishga berilgan rozilikning amal qilish muddatlari va uni istalgan vaqtda bekor qilish huquqini aniqlashtiradi.
Qonundagi o‘zgartirishlar 2026-yil yanvar oyining o‘rtalaridan kuchga kiradi.


