Bugun tunda Rossiya Ukraina bo‘ylab raketa zarbalari yo‘lladi. Kiyev, Cherkass, Dnipropetrovsk va boshqa oblastlarda portlashlar ro‘y bergan. Ukrain harbiylari maʼlum qilishicha, Rossiya jami 23 ta qanotli raketa uchirgan, Ukraina qurolli kuchlari esa ularning 21 tasini urib tushirgan.
Uman shahrida raketa yoki uning parchalari ko‘p qavatli uy podyezdini to‘liq vayron qilgan, natijada, so‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, kamida 10 kishi halok bo‘lgan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, 20 ga yaqin kishi tan jarohati olgan.

Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoning maʼlum qilishicha, Umanda halok bo‘lganlar orasida yosh bola ham bor. Go‘dakning o‘limi haqidagi maʼlumotni Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Darya Zarivna ham tasdiqlagan.
Dniproda esa zarba oqibatida xususiy uy vayron bo‘lgan. Mahalliy maʼmuriyat xabariga ko‘ra, bu yerda 31 yoshli ayol va uning ikki yoshli qizchasi halok bo‘lgan. Yana bir necha kishi yaralangan.

Kiyevning Ukrainka shahrida ham raketa parchalari turarjoy binosiga kelib tushgan. Oqibatda, 13 yoshli qiz jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Kiyev maʼmuriyatining maʼlum qilishicha, poytaxt atrofida 11 ta raketa va ikkita dron urib tushirilgan.
«Bu tunda dushman yana Ukrainaga raketalar va uchuvchisiz uchish qurilmalari bilan hujum qildi. Terrorchilar nishoni - tinch aholi va obyektlar. Umanga raketa zarbalari oqibatida 10 ga yaqin ko‘p kvartirali uylar shikastlandi. Ulardan birida podyezd to‘lig‘icha vayron bo‘lgan. Xarobalar ostida odamlar qolmoqda. Afsuski, jabrlanganlar va qurbonlar bor, jumladan yosh bolalar. Dniproda terrorchilar go‘dakning umriga zomin bo‘lishdi. Rossiya terrori tufayli o‘z yaqinlarini yo‘qotgan barchaga hamdardlik bildiraman», — deya yozgan o‘z sahifasida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.

Bu 9 martdan buyon amalga oshirilgan ilk yoppa raketa zarbalari bo‘ldi. O‘tgan oy boshida Ukraina shaharlari Bryansk oblastidagi diversiyaga javoban o‘qqa tutilgandi. O‘shanda Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy rossiyalik harbiylar quruqlik, dengiz va havodan jami 81 raketa uchirgani haqida maʼlum qilgandi.
Rossiya mudofaa vazirligi hozircha Ukraina shaharlariga yo‘llangan navbatdagi zarbalar yuzasidan izoh bermadi.

Zalujniyning maʼlumotiga ko‘ra, zarbalar Kaspiy dengizi akvatoriyasidan turib Tu-95 rusumli bombardimonchilar orqali yo‘llangan.


