Rossiya Davlat Dumasi Moliya bozorlari qo‘mitasi mehnat migrantlarining chet elga pul o‘tkazmalariga cheklov joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda rad etishni tavsiya qildi. Bu haqda ria.novosti xabar berdi.
Mazkur qonun loyihasi “Yangi odamlar” fraksiyasiga mansub deputatlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra Rossiyada mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ishlayotgan norezident shaxslar xorijga faqat rasman tasdiqlangan maosh miqdoridan oshmaydigan summada pul o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin edi. Taklif etilayotgan o‘zgartirishlar “Valyutani tartibga solish va valyuta nazorati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilishi rejalashtirilgan.
Qonun loyihasi mualliflarining fikricha, ushbu cheklov pul o‘tkazmalarining shaffofligini oshirish, migrantlar daromadlarining bir qismini soyadan chiqarish hamda soliq tushumlarini ko‘paytirishga xizmat qilishi mumkin.
Qo‘mita taʼkidlashicha, qonun loyihasida cheklovlarni samarali nazorat qilish mexanizmlari nazarda tutilmagan. Xususan, norezidentlar tomonidan o‘tkazilayotgan mablag‘larning ularning rasman tasdiqlangan daromadlariga mosligini monitoring qilish tartibi va cheklovlarni buzganlik uchun javobgarlik choralari belgilanmagan.
Bundan tashqari, mazkur tashabbus noqonuniy mehnat faoliyatining kengayishiga olib kelishi, shuningdek, Rossiyadan, jumladan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo davlatlarga naqd rubl eksporti hajmining oshishiga sabab bo‘lishi mumkinligi taʼkidlangan.


