Zaxarova 15-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda jurnalistning gaplari Moskvaning rasmiy pozitsiyasi sifatida talqin qilinayotgani asossiz ekanini ta’kidladi. U Solovyov bu fikrlarni o‘zining shaxsiy “Solovyov Layf” kanalida bildirganini, shu bois davlat nuqtayi nazaridan baholash noto‘g‘ri ekanini qayd etdi.
“Birinchidan, gap jurnalistning fikri haqida ketmoqda, ta’kidlayman — aynan fikri haqida. Ikkinchidan, jurnalist va teleboshlovchining bu fikri xususiy “Solovyov Layf“ kanalida aytilgan. Uchinchidan, men iqtiboslarni o‘qib chiqdim va kontekstdan yulib olingan jumlalarga yoki birovning gapiga emas, balki aynan to‘g‘ridan-to‘g‘ri nutqqa tayanyapman. Bu fikr savol ko‘rinishida shakllantirilgan edi. U yerda bayonot emas, savol bor edi. Ritorikmi yoki boshqacha savolmi, bilmadim — bunisi endi menga tegishli emas. To‘rtinchidan, bu jumlalar „divan analitiklari“ tomonidan ochiq-oydin va aniq provokatsion tarzda, xuddi Rossiyaning rasmiy pozitsiyasidek qilib ko‘rsatilgan”, — dedi TIV vakili.
Rasmiy vakil shuningdek, ayrim sharhlovchilar bu vaziyatdan foydalanib, Rossiyaning go‘yoki postsovet davlatlariga nisbatan «tajovuzkor niyatlari» borligi haqida asossiz uydirmalarni tarqatayotganini aytdi. Zaxarovaning fikricha, bunday axborotlar voqelikka to‘g‘ri kelmaydi va jamoatchilikni chalg‘itishga qaratilgan.
U Rossiyaning rasmiy pozitsiyasi faqatgina bunga vakolatli shaxslar tomonidan bildirilishini eslatdi.
Zaxarovaning ta’kidlashicha, Rossiya rahbariyati Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlar bo‘yicha o‘z siyosatini ko‘p marotaba ochiq bayon qilgan.
Rasmiy pozitsiyani bunga vakolati bor rasmiylar bildirishini ta’kidlagan TIV vakili o‘z mamlakatining siyosati avval ham “o‘nlab martalab bayon qilingani”ni qo‘shib qo‘ydi.
“Mamlakat rahbariyati umumiy sovet o‘tmishi, postsovet hududi va hozirgi suveren davlatlar bilan munosabatlar borasidagi siyosatimizni o‘nlab martalab bayon qilgan. Takror aytaman, bu pozitsiya turli sammitlar, uchrashuvlar, muzokaralar, maslahatlashuvlar, matbuot anjumanlari va intervyular chog‘ida Rossiya Federatsiyasi prezidenti, hukumat raisi, tashqi ishlar vaziri, mudofaa vaziri va barcha yo‘nalishdagi vazirlar tilidan o‘n minglab marta yangragan”, — dedi u.
Rossiya tashqi ishlar voizining aytishicha, “Rossiyani Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo xalqlari bilan tarixan yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik, ittifoqchilik, birodarlik va hamkorlik aloqalari bog‘lab turadi”. Shuningdek, Zaxarova gapga emas ishga qarab baho berish kerakligini ta’kidlamoqda.
“Gapga emas, ishga qarab baho berish kerak. Necha marta yordamga kelindi? Necha marta yordam va do‘stlik qo‘li cho‘zildi? Qayg‘uga sherik bo‘lganda, hamdardlik bildirganda necha marta eng samimiy hissiyotlar izhor qilindi? Quvonchni baham ko‘rganda, umumiy g‘alabalarni hamda postsovet hududidagi hamkasb va do‘stlarimizning yutuqlarini birga nishonlaganda necha bor samimiy tuyg‘ular namoyon etildi? Qanchadan-qancha murakkab, yechimi yo‘qdek tuyilgan vaziyatlardan birgalikda yo‘l qidirildi? Necha marta tushunmovchilik va anglashilmovchiliklar bartaraf etildi? Provakatorlar chaqirig‘i va provokatsiyalarga necha marta javob qaytarildi? Mana shu narsalarga qarash kerak. Har qanday holatda ham „qoqilib qolmaslik“ va, ayniqsa, provokatsiyalarga chalg‘imaslik lozim. Afsuski, ular hali ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun, keling, qandaydir soxta va yolg‘on ma’lumotlarga aldanmay, haqiqiy voqelikni ko‘raylik”, — dedi Rossiya TIV vakili.
Zamon.uz avvalroq Solovyovning gaplariga qarshi chiqqan jamoatchilik faollaringning fikrlarini YouTube tarmog‘iga video hamda maqola ko‘rinishida e’lon qilgan edi.


