Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrel Rossiya Ukrainani bosib olishi ehtimoli pastligini maʼlum qildi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
Borrelning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning maqsadi — Ukrainaga bosim o‘tkazish orqali Yevropa xavfsizligi tizimini qayta ko‘rib chiqish.
“Biz Rossiya Ukrainani bosib olishni istaydi,deb hisoblamaymiz. Fikrimizcha, Rossiya Kiyevga bosim o‘tkazish orqali Yevropadagi xavfsizlik tizimi bo‘yicha muzokaralar stoliga o‘tirmoqchi.Ularda xavfsizlik, xususan NATO kengayishi yuzasidan xavotiri bor. Biz bularni inobatga olishimiz va bu haqda gapirishimiz zarur”, — degan u.
Shu bilan birga Borrel hozirgi holatni ikkinchi jahon urushi yakunlangandan keyin eng keskin payt sifatida baholash noto‘g‘ri ekanini taʼkidlagan. U joriy vaziyatni “sovuq urush yakunlangandan keyin eng qiyin davr”, – deya izohlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina va Fransiya prezidentlari uchrashuvi bo‘lib o‘tgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Jahongir Qo‘ziyev


