Avvalroq Rossiyada Samarqanddan bo‘lgan mehnat muhojiri kuchishlatar tizim xodimlari tomonidan amalga oshirilgan qiynoq oqibatida vafot etgani haqida xabar berilgandi.
Voqea 2025 -ilning 12-dekabr kunida yuz bergan bo‘lsada, bu haqida xabarlar yanvar boshida sizdirilgandi. Bundan anglashiladiki, migrantning jasadi Rossiyada salkam bir oy davomida qolib ketgan.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning Zamon.uz'ga maʼlum qilishicha, marhumning jasadi hamon Rossiya Federatsiyasida saqlanmoqda. Bugun, 11-yanvar kuni u O‘zbekistonga yuboriladi.
“Yakshanba kuni mayyit O‘zbekistonga yuboriladi. Dushanba kuni O‘zbekiston vakillari samarqandlik fuqaroning vafoti bo‘yicha Xabarovsk rasmiylari bilan uchrashadi”, deydi Burxonov.
Qo‘shimcha qilinishicha, jasadni vatanga qaytarilishi bilan bog‘liq xarajatlar uchun maxsus fond tashkil qilingan. Agar marhumning yaqinlari xarajatlarni to‘lash bo‘yicha qiyinchilikka duch kelsa, bu davlat tarafidan qoplanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 12 dekabr kuni Rossiyaning Xabarovsk shahrida OMON xodimlari kafelardan biriga bostirib kirib, u yerda bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqarolarga nisbatan kuch ishlatgan. Oqibatda ikki nafar fuqaro og‘ir tan jarohatlari olib, koma holatiga tushgan, ulardan biri, bir necha kun o‘tib vafot etgan. Ikkinchi jabrlanuvchi haqidagi maʼlumotlar esa rasman tasdiqlanmagan.


