Rossiyada soxta tibbiy maʼlumotnomalardan foydalangan migrantlarga nisbatan jinoiy javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun loyihasi Davlat Dumasiga kiritildi. Bu haqda Davlat Dumasi raisi o‘rinbosari Irina Yarovaya maʼlum qildi deb xabar beradi Tass.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sanitariya-epidemiologik xavfsizlikni taʼminlash va yuqumli kasalliklarning oldini olish nuqtayi nazaridan tibbiy hujjatlarning ahamiyati yuqori baholanmoqda. Shu sababli, soxta tibbiy maʼlumotnomadan foydalangan shaxslar to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi va 500 mingdan 1 million rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.
Qonun loyihasida, shuningdek, tibbiy maʼlumotnomani qalbakilashtirish, uni rasmiy lavozimdan foydalanib yoki onlayn tarzda tarqatish holatlari uchun jazoni og‘irlashtiruvchi normalar kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Agar bunday huquqbuzarliklar ommaviy infeksiya tarqalishiga sabab bo‘lsa, aybdor shaxslarga nisbatan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkinligi qayd etildi.


