Rossiyalik general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovni portlatib o‘ldirishda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi Ahmadjon Qurbonov umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, sud qarori bilan unga 1 million rubl miqdorida jarima belgilandi. Bu haqda Rossiya OAV, jumladan “RBK” xabar berdi.
Mazkur ish doirasida yana bir necha shaxslar ham jazoga tortildi. Portlovchi moddalarni yetkazib berganlikda ayblangan Ozarbayjon fuqarosi Robert Safaryan 25 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi. Jinoyat ijrochisiga uy-joy bergan ingushetiyalik Botuxon Tochiyev 22 yilga, Ramazon Padiyev esa 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi, ularga 200 ming rubl miqdorida jarima ham tayinlandi.
Tergov materiallariga ko‘ra, portlash 2024-yil 17-dekabr kuni Moskvaning Ryazan prospektida sodir bo‘lgan. Kirillov va Polikarpov ko‘p qavatli uy podyezdidan chiqayotgan paytda portlovchi moslama ishga tushirilgan. Portlash qurilmasi podyezd yonida turgan samokatga joylashtirilgani aytilmoqda, hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan.
Xalqaro OAVlar portlashda Ukraina maxsus xizmatlarining ehtimoliy ishtiroki haqida xabar bergan. Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbalar Kirillovni “harbiy jinoyatchi” sifatida yo‘q qilinganini bildirgan bo‘lsa, Kiyev rasmiylari terrorchilik usullaridan foydalanmasligini ta’kidlagan. Rossiya xavfsizlik idoralariga ko‘ra esa, jinoyatni sodir etgan shaxsga 100 ming dollar mukofot va Yevropa Ittifoqiga chiqish va’da qilingan.


