Samarqand shahrida geologik xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxona direktori fuqaroni aldab, o‘zini avval Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida ishlagan sobiq mas’ul sifatida tanishtirgan. U o‘zida Samarkand va Jizzax viloyatlari hududidagi geologik-qidiruv ishlari natijasida aniqlangan oltin konlari joylashgan maxfiy xarita va fotosuratlar borligini aytib, ularni 25 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan. DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 10 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlangan. Bu haqda DXX Zamon.uz'ga xabar qildi.
Tegishli tashkilotlarning xulosasiga ko‘ra, firibgar aytgan ma’lumotlarning hech biri maxfiy emasligi aniqlangan. Demak, u faqatgina fuqaroni aldash yo‘li bilan yirik miqdorda pul ishlab topishni rejalashtirgan.
Yana bir holat Qashqadaryo viloyatida kuzatildi. “O‘ztransgaz” AJ tarkibidagi “Muborak magistral gaz quvurlari” boshqarmasi Shahrisabz GTS operatori Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqaroga go‘yoki yuqori lavozimdagi tanishlari orqali “O‘ztransgaz” tizimida ishga joylashtirib qo‘yishini va’dalab, buning evaziga 4 000 AQSh dollari talab qilgan.
DXXning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ushbu shaxs so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Hozirda har ikkala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


