Fuqaroni 30 ming dollar evaziga Amerikaga yubormoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi, deya xabar bermoqda «O‘zA» axborot agentligi.
Maʼlum bo‘lishicha, Samarqand shahrida tug‘ilgan, haydovchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro S.P. mahalliy fuqaro G‘.A.ni 30 ming AQSH dollari evaziga "o‘zining qo‘li uzun tanishlari" orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishni vaʼda qilgan. Buning uchun oldindan 10 ming, AQSHga borganidan so‘ng yana 20 ming dollarni berishi mumkinligini aytgan.
Ushbu kelishuvga ko‘ra, fuqaro S.P. “mijozi” G‘.A.dan 10 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtda DXX va IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga tushgan.
“Hozirda holat yuzasidan S.P.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rejalashtirilmoqda”, — deyiladi xabarda.


