Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov xorijlik fuqarolarning kuryerlik faoliyatiga jalb qilinishini taqiqlash to‘g‘risida farmoyish imzoladi. Qaror kuryerlik sohasida xizmat sifati va xavfsizligini oshirish, yashirin bandlikni kamaytirish hamda Rossiya fuqarolari uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan.
Hujjatga ko‘ra, ish beruvchilarga kadrlar siyosatini moslashtirish uchun uch oy muddat berilgan. Bu vaqt ichida ular migrantlar o‘rniga mahalliy ishchi kuchini jalb etishi kerak bo‘ladi.
Avvalroq Sankt-Peterburgda xorijliklarga taksi haydovchisi sifatida ishlash ham taqiqlangandi. Yangi choralar shahardagi mehnat bozorini tartibga solish siyosatining davomi sifatida baholanmoqda.
