Chorvoqdagi Sea Breeze Uzbekistan loyihasi jamiyatda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar bu loyiha ekologiyaga zarar yetkazishi, fuqarolarning manfaatlariga zid bo‘lishi yoki byudjet uchun yuk bo‘lishidan xavotirda. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi asosiy savollarni tahlil qilib, rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Agalarov Development kompaniyasi 5 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiya, ijtimoiy infratuzilma obyektlar qurilishi, ekologik yechimlar va loyihani davlat nazorati ostida bosqichma-bosqich amalga oshirishni taklif qildi.
Bitta developer – bu yagona arxitektura, yirik kanalizatsiya tizimi, avtomobil yo‘llari, ko‘kalamzorlashtirish tizimlari va mas’uliyat degani. Agar yer bir nechta quruvchilarga bo‘lib berilganida, ziddiyat, tartibsizlik va nazoratning imkonsizligi yuzaga kelgan bo‘lardi.
Loyiha to‘liq xususiy mablag‘lar asosida amalga oshirilmoqda. Davlat byudjetidan mablag‘ sarflanmaydi. Barcha moliyaviy xatarlar investor zimmasida. Kreditlar tijorat asosida olinadi, davlat qarzining ortishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
Shu bilan birga, davlat loyihaning barcha bosqichlarida – ekologik me’yorlarga amal qilinishidan tortib, moliyaviy shaffoflik va ijtimoiy samaragacha qattiq nazoratni saqlab qoladi.
Investorda tajriba bormi?
Ozarbayjondagi Sea Breeze – bu dunyo darajasidagi kurort bo‘lib, mehmonxonalar, konsert maydonchalari, restoranlar va obodonlashtirilgan hududlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, Moskva va Moskva viloyatida ham yirik loyihalar amalga oshirilgan.
Nega ijaraning qiymati atigi 17 mlrd so‘m?
Ijara to‘lovi investitsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida ramziy darajagacha kamaytirilgan. Buning evaziga investor 240 million dollar miqdorida infratuzilma to‘lovi to‘laydi – bu yer ijarasining bozor qiymatidan ancha yuqori.
Mazkur to‘lov Toshkent viloyatida birinchi marta joriy qilinmoqda.
Bu mablag‘lar kanalizatsiya, yo‘llar, ko‘priklar va tozalash inshootlarini qurishga yo‘naltiriladi.m Ortib qoladigan 100 million dollar hudud infatuzilmasining keyingi rivojlanish va modernizatsiyaga sarflanadi.
Yerlarni qayta sotish mumkinmi? Bu spekulyatsiya emasmi?
Yer davlat tasarrufida qoladi. Qayta ijaraga berish faqat loyiha konsepsiyasiga muvofiq qurilishni amalga oshirish uchun qo‘llanilishi mumkin. Masalan, xalqaro mehmonxonalar va boshqa obyektlarni qurishda.
Shartlar buzilgan taqdirda — shartnoma bekor qilinadi, yer davlatga qaytariladi.
Nega obyektlarni bir vaqtning o‘zida loyihalashtirgan holda qurilishga ruxsat berildi?
Qonunchilikda ayrim hollarda Hukumat tomonidan parallel loyihalashga ruxsat berilishi ko‘zda tutilgan. Qaror hukumat tomonidan qat’iy nazorat sharti bilan qabul qilingan.
Bunda loyihani Bosh prokuratura nazorat qiladi, Bosh vazir o‘rinbosari raisligida idoralararo guruh tashkil etiladi.
Ekologiya masalalari qanday hal etiladi?
Chorvoqqa oqova suvlarini oqizish qat’iy taqiqlanadi. Investor o‘z hisobidan kanalizatsiya tizimini quradi.
Hududning kanalizatsiya tizimi Chirchiqdagi tozalash inshootlariga ulanadi. Bu tizim yaqin atrofdagi hududlar uchun ham infratuzilma imkoniyatlarini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Shuningdek, ko‘chatlar ekiladi, energiya tejamkor texnologiyalar joriy qilinadi, ekologik nazorat har bir bosqichda olib boriladi.
Nega yo‘llar va kommunikatsiyalarni davlat qurmoqda?
Umumiy foydalanishdagi infratuzilma obyektlari – ko‘priklar, yo‘llar – odatda davlat hisobidan quriladi, chunki ulardan nafaqat turistlar, balki mahalliy aholi ham foydalaniladi.
Muhimi: ushbu xarajatlar investor tomonidan to‘lanadigan 240 million dollarlik infratuzilma to‘lovi hisobidan qoplanadi.


