2025-yilning dastlabki 7 oyida O‘zbekistonda taksi xizmatlari aylanmasi 5 trillion so‘mdan oshdi. Bu davrda 215 ta taksi agregatori soliq organlari axborot tizimlariga integratsiya qilingan. Solishtirish uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 155 tani tashkil etgan edi.
Hisobotlarga ko‘ra, ushbu agregatorlar orqali jami 262,2 million marotaba yo‘lovchi tashish amalga oshirilgan. Aylanmaning 3,6 trillion so‘mi (72,2%) naqd, 1,4 trillion so‘mi (27,8%) esa naqdsiz to‘lovlarga to‘g‘ri keladi. O‘rtacha bitta chek miqdori esa 19 077 so‘mni tashkil etdi (2024-yilda – 18 456 so‘m).
Bugungi kunda 457,3 ming nafarga yaqin o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi taksi agregatorlari orqali faoliyat yuritmoqda. Ularning 56,3 foizi (257 629 kishi) – 30-50 yosh oralig‘ida. Shuningdek, 30 yoshgacha bo‘lganlar 36,3 foizni (166 207 kishi), 50 yoshdan kattalar esa 7,3 foizni (33 477 kishi) tashkil etadi. Ayol haydovchilar soni esa 3 480 nafarni tashkil qilmoqda.
Moliyaviy natijalarga ko‘ra, 7 oy davomida:
1,8 ming haydovchi – 100 mln so‘mdan ortiq,
19,1 ming haydovchi – 50-100 mln so‘m,
113,7 ming haydovchi – 10-50 mln so‘m,
59,4 ming haydovchi – 5-10 mln so‘m,
122,8 ming haydovchi – 1-5 mln so‘m,
140,2 ming haydovchi – 1 mln so‘mgacha daromad olgan.
Eng ko‘p ishlatilayotgan avtomobillar orasida Cobalt (23,5%), Nexia (21,5%), va Lacetti (16,9%) yetakchilik qilmoqda. Elektromobillar ulushi esa 1,8%ni tashkil etadi.
Avtomobillarning ishlab chiqarilgan yili bo‘yicha taqsimoti:
1 yilgacha – 2,1%
1-3 yil – 16,4%
3-5 yil – 42,5%
5-10 yil – 11,3%
10 yildan ortiq – 27,7%
Soliq tushumlari ham sezilarli bo‘lib, 7 oy ichida agregatorlar tomonidan 98,8 milliard so‘m, jumladan 55,4 milliard so‘m QQS to‘langan.


